DAVLAT TEST MARKAZI

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

DAVLAT TEST MARKAZI


Davlat test markazining vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarliklari

Vazirlar Mahkamasining
2004 yil 24 iyundagi 293-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) davlat boshqaruv organi hisoblanadi.

Markaz o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.

2. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Markaz o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

4. Markaz faoliyatini moliyalashtirish, shuningdek xodimlar mehnatiga haq to‘lash Markazga ajratiladigan mablag‘lar doirasida davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

5. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.

II. Markazning vazifalari va funksiyalari

6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

respublika ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olish, kadrlar tayyorlash sifati va o‘quv jarayoni samaradorligi xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;

abiturientlar, o‘quvchilar, talabalar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlariga va davlat talablariga muvofiqligini tahlil qilish;

qobiliyatli yoshlarni izlash va tanlash tizimini takomillashtirish;

murakkablik darajasi ta'lim dasturlariga muvofiq bo‘lgan test materiallarini ishlab chiqish hamda ular asosida ta'lim muassasalariga kirayotgan abiturientlarni test sinovlaridan o‘tkazish;

test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini ta'minlash;

ta'lim va o‘qitish sifatini, test baholari va reyting ballarining xolisonaligini tekshirishni tashkil etish va nazorat qilishni ta'minlash;

uzluksiz ta'lim tizimida band bo‘lgan pedagoglar, professor-o‘qituvchilar tarkibi va rahbar xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish;

idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, ta'lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish, ta'lim muassasalari reytingini aniqlash;

pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ta'lim tizimi rahbar organlari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajarish;

Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi sifatida nodavlat ta'lim muassasalariga litsenziyalarni rasmiylashtirish;

pedagoglar, professor-o‘qituvchilar tarkibi va rahbar kadrlarni, shuningdek ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun talablar va mezonlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

xorijiy mamlakatlarda berilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni e'tirof etish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash) tartibi amalga oshirilishini tashkil etish va ta'minlash;

davlat ta'lim standartlari va davlat talablarini, shuningdek ular asosida ta'limning barcha turlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ularni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun ekspertizadan o‘tkazish;

kadrlar tayyorlash sifati monitoringi tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

respublika hududida xorijiy ta'lim muassasalarining ta'lim faoliyatini yuritish huquqiga litsenziyalar (ruxsatnomalar) berishda ekspertiza o‘tkazish;

Markaz vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

7. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

ta'lim muassasalariga qabul qilish tartibi va qoidalari to‘g‘risidagi nizomlarga takliflarni ishlab chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda test sinovlari natijalarini baholash mezonlarini ishlab chiqadi;

murakkablik darajasi ta'lim dasturlariga muvofiq bo‘lgan test materiallarini ishlab chiqadi va ular asosida ta'lim muassasalariga kirayotgan abiturientlarni test sinovlaridan o‘tkazadi;

o‘quvchilar va talabalar bilimlarining joriy va yakuniy baholarini tahlil qilish asosida test va reyting ballarining xolisonaligini, respublikaning barcha ta'lim muassasalarida ta'lim, o‘qitish, o‘quv rejalari va dasturlari sifatini baholaydi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

test sinovlaridan o‘tuvchi shaxslar uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqadi va nashr qiladi;

test materiallarini tayyorlash va test sinovlarini tashkil etishda qatnashadigan shaxslarni o‘qitishni va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;

jahon tajribasini o‘rganish asosida test sinovlari texnologiyasini takomillashtiradi;

test materiallarini ishlab chiqishda hamda ulardan foydalanishda ta'lim muassasalariga va boshqa muassasalarga maslahat yordami ko‘rsatadi;

test sinovlari tartibotlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan test materiallari mazmunining maxfiyligini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini bajaradi;

tashkilotlar va muassasalarning buyurtmanomalariga binoan test sinovlarini o‘tkazish uchun to‘lov normativlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

ta'lim muassasalaridagi test sinovlari yakunlarini umumlashtiradi va o‘qitish sifatini takomillashtirish ishlarida foydalanish uchun ularni manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboradi;

test sinovlari o‘tkazish masalalari bilan shug‘ullanuvchi xorijiy ta'limni boshqarish organlari va tashkilotlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatadi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida ular bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

«Ta'lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va ta'lim to‘g‘risidagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning kadrlar tayyorlash sifatiga taalluqli talablarining bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi;

attestatsiyadan o‘tkazish va kadrlar tayyorlash sifatining ahvoliga doir masalalar bo‘yicha muntazam ravishda ekspert xulosalari, hisobotlar, tahliliy va ma'lumotnoma materiallar tayyorlaydi hamda ularni ishda foydalanish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboradi;

pedagoglar, professor-o‘qituvchilar tarkibi va rahbar kadrlarni, shuningdek ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish jadvallarini tuzadi hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil qiladi;

ta'lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yadi;

ta'lim muassasalarining maqomi va yo‘nalishlarini o‘zgartirish, shuningdek o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha belgilangan tartibda zarur takliflar kiritadi;

idoraviy mansubligidan va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, ta'lim muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish, tugatish) hamda ularning maqomini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha materiallar ekspertizasini va tegishli xulosalar tayyorlashni amalga oshiradi.

III. Markazning huquqlari va javobgarligi

8. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun vazirliklar, idoralar, ta'lim muassasalaridan zarur ma'lumotlar va materiallarni olish;

ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa qarorlarning amal qilishini o‘z vakolatlari doirasida to‘xtatib qo‘yish;

ta'lim muassasalarida ta'lim hamda o‘quvchilar va talabalarni o‘qitish sifatini, ta'limning barcha turlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarining muvofiqligini belgilangan tartibda tekshirish;

shartnoma asosida ilmiy-metodik va axborot konsalting xizmatlari ko‘rsatish;

Markazga yuklangan vazifalarni hal etish uchun olimlar, yetakchi pedagog-mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb etish, shuningdek ixtisoslashtirilgan, maqsadli va vaqtinchalik ilmiy-tadqiqot guruhlari va ijodiy guruhlar tashkil etish;

o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar va idoralar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish;

ta'lim va kadrlar tayyorlash sifati muammolari bo‘yicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar va yig‘lishlar ishida ishtirok etish, shuningdek davlatlararo va hukumatlararo hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralarda qatnashish.

9. Markaz abiturientlarning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan o‘quv yurtlariga sifatli qabul qilinishi ta'minlanishi, mutaxassislarni, ta'limning barcha turlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini tayyorlash sifati, respublika ta'lim muassasalarida yakuniy testlar va reyting baholarining xolisonaligi nazorat qilinishi uchun javob beradi.

10. Markaz o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarish majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.

Markaz, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birga qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.

Markaz O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

11. Markaz o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

IV. Markaz faoliyatini tashkil etish

12. Markazni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.

Direktorning ikki nafar o‘rinbosari, shu jumladan direktor o‘rinbosari — Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi boshlig‘i bo‘ladi.

Direktor maqomiga ko‘ra Vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Markaz direktorining o‘rinbosarlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.

13. Markaz direktori:

Markaz xodimlari va uning hududiy vakillari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;

Markaz faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;

Markazning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

14. Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi shtatlari asosan ilmiy darajaga, ilmiy-pedagogik stajga va kamida 5 yil metodik ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar bilan to‘ldiriladi.

15. Markazda 15 kishi — Markazning direktori, direktor o‘rinbosarlari, bo‘lim rahbarlari va yuqori malakali xodimlaridan iborat tarkibda Ilmiy-metodik kengash (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tashkil etiladi. Kengashning shaxsiy tarkibi direktor buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Kengash mazkur Nizomga muvofiq Markazga yuklangan vazifalarni ilmiy va normativ-huquqiy ta'minlashning asosiy masalalarini ko‘rib chiqadi.

Kengash qarorlari direktor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

16. Markaz apparati tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

17. Mazkur Nizomga o‘zgartirishlar kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

18. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda.

 

Ko'chirib olish  (DOC, 59 KB)

Pochta xizmati

Yangiliklar taqvimi
Iyun 2017
 
DuSeChPaJuShYa
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
TASHRIFLAR TAHLILI
Hozir saytda 161 nafar foydalanuvchi
Система Orphus
Obuna
Siz bizning yangiliklarga a`zo bo`lishingiz mumkin

Obuna bo`lish
Murojaat
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 104
Yakunlangan 87
Qayta ishlash jarayonida 7
Rad etildi 10
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 421
Yakunlangan 421
(19.06.2017 yil holatiga)
SAHIFA O'LCHAMI
AXBOROT RESURSLARI


DC ABITUR


Qabul 2017

ABITURIYENT INFO


STAFF 2017

To`g`ridan to`gri (maxsus sinovlarsiz) Nostrifikatsiyalanadigan OTMlar ro`yxati

So'rovnoma
So'rovnoma