DAVLAT TEST MARKAZIDA HAY`AT YIG`ILISHI O‘TKAZILDI

24-04-2019 | 3064

2019-yil 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Hay'atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hay'atning barcha a'zolari va masalalari kiritilgan 5 ta viloyat bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdilar.

Mazkur yig‘ilishda joriy o‘quv yili oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarni o‘qishga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, Davlat test markazining viloyatlar bo‘limlarining ijro intizomi holati va 1-chorak davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kabi kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha olib borilgan tahlillar, ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari birma-bir batafsil ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida bo‘lim boshliqlarining hisobotlari eshitildi, faoliyatida kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘ygan xodimlar ogohlantirildi. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalariga test sinovi orqali qabul qilishda test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazishning shaffofligini ta'minlash, zamonaviy, adolatli, xolis shakl va usullaridan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish, joriy yil tayyorgarligini o‘z vaqtida, yuqori sifat ta'minlangan holda o‘tkazish, abiturientlar uchun imkoniyat va imtiyozlar tizimini qo‘llash, ota-onalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyatlardagi bo‘limlarda ijro intizomini yaxshilash, ish samaradorligi, mas'uliyat va javobgarlikni oshirish, murojaatlarni o‘z vaqtida, kechiktirmay ko‘rib chiqish, murojaatlar mualliflari bilan bog‘langan holda masalalarni hal etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida ish unumini tezkorlik va sifat jihatdan doimiy ravishda oshirib borish, vazifalarini talab darajasida bajara olmaydigan xodimlarga nisbatan kerakli jazo choralarini qo‘llash, jamoatchilik fikrini o‘rganish, zamonaviy aloqa tizimini qo‘llash yuzasidan muhim qarorlar qabul qilindi.

 

Axborot xizmati