O‘QUV SEMINARLARI YAKUNLANDI

27-04-2019 | 1493

Davlat test markaziga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 16 aprel kuni boshlangan o‘quv seminarlari 26 aprel kuni yakunlandi.

Seminar mashg‘ulotlari 2019/2020 o‘quv yilida respublika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida Davlat test markazi vakili, bino rahbari va guruh nazoratchisi sifatida ishtirok etishi rejalashtirilayotgan nomzodlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharida tashkil etildi. Nomzodlarni saralash va ish jarayonlarini nazorat qilish, tahlil qilishga qaratilgan jarayonlar 6 bosqichdan iborat bo‘lib, seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturning 2-bosqichi (1-bosqich nomzodlar ro‘yxati va ma'lumotlarini shakllantirish) hisoblanadi.

Seminar mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida tuzilgan o‘quv dasturi, ko‘rgazmali qurollar, video va audiomateriallarga boyitilgan qo‘llanmalar asosida tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilaridan 3062 nafar hamda Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalaridan 5090 (jami 8152) nafar nomzod jalb etildi.

Dasturga muvofiq nomzodlar uchun test sinovi o‘tkazish va natijalar asosida saralangan nomzodlar bilan suhbat tashkil etish (3-bosqich) va shartnoma tuzish (4-bosqich) ishlari may-iyun oylarida amalga oshiriladi. Guruh nazoratchilari ish faoliyati monitoringi (5-bosqich) avgustga qadar hamda Davlat test markazi vakillari va guruh nazoratchilari ish faoliyati bo‘yicha xulosalar tayyorlash, tegishli tashkilotlarga taqdim etish (6-bosqich) sentyabr oyiga belgilangan.

 

Axborot xizmati