Qonun ustuvorligi daxlsiz

08-04-2019 | 1309

Keyingi yillarda oliy taʼlim muassasalariga qabul uchun oʻtkaziladigan test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq ishlar hajmi keskin oshib ketayotganligini izohlashga hojat boʻlmasa kerak. Shuningdek, jarayonlarning ochiqligi, shaffofligi taʼminlanayotganligi, abituriyentlar uchun yanada yaxshiroq imkoniyat, imtiyozlar va ota-onalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganligi jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olinmoqda.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, basharti jamiyatimizda qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda ekan, har bir fuqaro, har bir korxona unga boʻysunishi shart. Bundan boshqacha boʻlishi mumkin emas.

2019 yil 6 aprel kuni “xabar.uz”da maqola chop etildi. U “Davlat test markazi sudda yana bir abituriyentga yutqazdi” deb nomlanib, bir nafar abituriyent huquqini himoya qilishga bagʻishlangan. Bu quvonarli hol, albatta. Biroq baʼzi mulohazalarimizni bildirib oʻtmoqchimiz.

Qisqacha aytganda, abituriyent Tursunov Davron oʻtayotgan oʻquv yilida test sinovi yakuniga koʻra berilgan apellyatsiya xulosasidan norozi boʻlib, sudga murojaat qilgan.

Murojaat mazmunini asosan “Biologiya” fani boʻyicha berilgan bitta savol uchun belgilangan javob variantiga eʼtiroz tashkil etadi. Savolni toʻliq keltiramiz: “Oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suvoʻtlari bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg boʻlsa, oziq zanjiri barcha komponentlari isteʼmol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg) aniqlang”. Javob sifatida – 
A) 35520 B) 128000 C) 35552 D) 12832 variantlari berilgan boʻlib, toʻgʻri javob sifatida “C” javob belgilangan. Biroq abituriyent “A” javobni tanlagan va himoya qilgan. Sudning hal qiluv qarorida abituriyent haq deb topilgan.

Shu oʻrinda mutaxassislarning xulosasini keltirib oʻtsak. Unda keltirilishicha, “Ushbu savol biologik qonuniyatlar asosida tuzilgan... Savol shartiga koʻra, suvoʻtlar produtsent, qisqichbaqasimonlar birinchi tartib konsument, baliqlar ikkinchi tartib konsument, vidra uchinchi tartib konsument hisoblanadi.

Agar ikkinchi tartib konsument biomassasi 320 kg boʻlsa, ekologik piramida qoidasiga koʻra, suvoʻtlar biomassasi 32000 kg, qisqichbaqasimonlar biomassasi 3200 kg, baliqlar biomassasi 320 kg, vidra 32 kg. Amerikalik ekolog olim R.Lindemanning “10 % qoidasi”ga binoan, bir trofik darajadan ikkinchisiga oʻtishda modda va energiyaning oʻzidan avvalgi trofik daraja biomassasiga qoʻshilgan qismigina oʻtadi. Vidraning biomassasi jami isteʼmol qilingan biomassalarga qoʻshilishi shart, chunki oziq zanjiri har bir boʻgʻinining biomassasi ular isteʼmol qilgan oziq hisobiga shakllanadi. 32000+3200+320+32=35552 kg. boʻlganda, demak, oziq zanjiri barcha komponentlari isteʼmol qilgan oziqning umumiy biomassasi 35552 kg tashkil etadi.

Manba: “Biologiya”darsligi. A.Abdukarimov va boshqalar. 2013 yil, 240-bet”.

Haqiqatan ham endi buni isbotlashga hojat yoʻq. Negaki Toshkent shahar Yunusobod tumani maʼmuriy sudining 2018 yil 10 dekabrdagi arizachi Tursunov Davron Ulugʻbek oʻgʻlining arizasi yuzasidan yuritilgan 3-1004-1802/5950-son maʼmuriy ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori hamda Toshkent shahar maʼmuriy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 2-5/19-son qarori qabul qilingan hamda Davlat test markaziga 2019 yil 29 mart kuni ijrosini taʼminlash uchun kiritilgan.

Mazkur hal qiluv qarorlariga muvofiq Davlat test markaziga fuqaro Tursunov Davron Ulugʻbek oʻgʻlini Toshkent tibbiyot pediatriya institutining 5510108 - “Davolash ishi (Jizzax)” taʼlim yoʻnalishiga talabalikka tavsiya etish majburiyati yuklatilgan.

Abituriyentlarni oʻqishga tavsiya etish vakolati yoʻqligini inobatga olib, Davlat test markazi tomonidan sudning hal qiluv qarorini Tursunov Davron Ulugʻbek oʻgʻlining Toshkent tibbiyot pediatriya institutining 5510108 - “Davolash ishi (Jizzax)” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha toʻplagan natijalarini qayta koʻrib chiqish hamda tegishli qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga kiritilgan.