Ma'naviyat va ma'rifat

ABAJUR ( fransuzcha abat-jour – yorug‘likni qaytaruvchi) Kerakli yorug‘likni bir joyga to‘plab tushirish yoki ko‘zni yorug‘lik nuridan pana qilish uchun lampa ustiga o‘rnatiladigan, shisha, mato, metall va shu kabilardan yasalgan qalpoq.

ABZAL (forscha – asbob, ish quroli) Ot-ulovni minish yoki aravaga qo‘shish uchun zarur bo‘ladigan asboblar majmui.

Quyidagi qo‘shimchalarning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday yoziladi:
1) taqlid so‘zlardan fe’l yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qo‘shimchasi so‘z tarkibida v yoki u tovushi bo‘lganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi:
shovulla, lovulla, gurulla kabi;

2) nisbat shaklini yasovchi -dir qo‘shimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir bo‘g‘inli so‘zlarga (kel so‘zidan boshqa), shuningdek, z undoshi bilan tugagan orttirma nisbat yasovchisidan keyin qo‘shiladi:
quvdir, egdir, kuldir, yondir; o‘tkazdir, tomizdir kabi.
Qolgan barcha hollarda bu qo‘shimcha -tir aytiladi va shunday yoziladi: tiktir, kestir, uyaltir, chaqirtir kabi;

3) jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gudek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan, buyruq maylining ikkinchi shaxs ko‘rsatkichi -gin, shuningdek -gina qo‘shimchasi uch xil aytiladi va shunday yoziladi:
a) k undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k aytiladi va shunday yoziladi:
tokka, yo‘lakkacha, ko‘nikkach, zerikkuncha, to‘kkani, kechikkudek, bukkan, ekkin, kichikkina kabi;

b) q undoshi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda bu qo‘shimchalarning bosh tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach, chiqquncha, chiniqqani, qo‘rqqudek, achchiqqina kabi;

d) qolgan barcha hollarda, so‘z qanday tovush bilan tugashidan va bu qo‘shimchalarning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’i nazar, g yoziladi:
bargga, pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.


Ari zahrin chekmagan
Bol qadrini bilmas. Maqol.

Daryo suvini bahor toshirar,
Odam qadrini mehnat oshirar. Maqol.

Yigitlikda yig‘ ilmning maxzani,
Qarilik chog‘i sarf qilg‘il ani. A.Navoiy

Katta kishilar yoshlarni masxara va kulgi qilsa, ular qoshida o‘zi shuncha obro‘siz va bachkana tuyuladi; yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qoshida uyatsiz va e’tiborsiz bo‘ladi. A.Navoiy

O‘zbek tili – turkiy til Hozirgi kunda yer yuzida yetti milliarddan ko‘proq aholi yashaydi. Agar siz Toshkentdan poyezdga o‘tirib Moskva va u orqali Parijga safar qilsangiz, yo‘lingizda qozoq, tatar, boshqird, rus, belorus, mojor (venger) singari tillarda so‘zlashuvlarni eshitishga musharraf bo‘lasiz. Eshitish jarayonida ayrimlarining ona tilingizga qandaydir yaqin, shu bilan birga, nimasi bilandir farqli ekanligini, ayrimlarining esa tamomila boshqa, yaqin jihatlari umuman yo‘qligining guvohi bo‘lasiz.
Bir-biriga yaqin, umumiy jihatlari ko‘p bo‘lgan tillar qarindosh, bir-biridan uzoq, umumiy jihatlari bo‘lmagan tillar esa qarindosh bo‘lmagan tillar hisoblanadi. Masalan, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, tatar, uyg‘ur, boshqird, ozarbayjon, qorachoy-bolqar kabi tillar qarindosh tillar sanaladi. Qarindosh kishilar bir ajdoddan tarqalgani kabi, qarindosh tillar ham bir bobo tildan kelib chiqqandir. Shuning uchun ham dunyo tillari qarindoshligiga ko‘ra til oilalariga bo‘linadi. Til oilalarining nomlari bobo til nomi bilan yuritiladi. Masalan, slavyan tillari oilasi, german tillari oilasi, roman tillari oilasi, eroniy tillar oilasi, somiy tillari oilasi, turkiy tillar oilasi va boshqalar. Bu til oilalarining har qaysisi o‘z ichida yana kichik guruhlarga bo‘linadi. Xususan, turkiy tillar oilasi qipchoq tillari guruhi, o‘g‘uz tillari guruhi, qarluq tillari guruhiga bo‘linadi. O‘zbek va uyg‘ur tillari qarluq guruhiga; qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, xakas, yoqut, chuvash kabi tillar qipchoq guruhiga; ozarbayjon, turkman, usmonli turk tillari esa o‘g‘uz guruhiga kiradi.

Manba: Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Akademik litseylarning 1-kurslari uchun darslik, Toshkent, 2010.