Adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

12-02-2021 | 521

2021-yil 11-fevral kuni Davlat test markazida she’riyat mulkining sultoni hazrati mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi hamda ulug‘ shoh, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan adabiy uchrashuv tashkil etildi.

Ulug‘ bobokalonlarimizning jahon tarixi, xalqaro va milliy adabiy hayotida tutgan o‘rni, o‘zbek tilining rivojiga qo‘shgan xizmatlari yod etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, falsafa fanlari doktori, shoira Sayyora To‘ychiyeva, A.Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Otabek Jo‘raboyev va filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos Olim Qayumov hamda Davlat test markazi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari bevosita Mir Alisher Navoiy qoldirgan boy ijodiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, A.Navoiy ordeni ta’sis etilayotganligi, butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan asarlarining faksimil nusxalarini olib kelish, badiiy va hujjatli filmlar yaratish va boshqalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir davomida jahon ijtimoiy-siyosiy hayoti va adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan bobolarimizning bebaho ijod meroslari bilan yaqindan tanishish, chuqur o‘rganish, targ‘ib qilish yuzasidan bafurja suhbat qilindi. Yakunda ishtirokchilar uchun Davlat test markazi tomonidan A.Navoiy bobomizning tavallud sanasi munosabati bilan yaratilgan videorolik namoyish etildi.

Adabiy uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi va qiziqarli savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati