Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi

09-02-2021 | 831

Gar yo‘qtur adab, ne sud oltun unidin,
Elning adabi xushroq erur oltunidin.

 

9-fevral sanasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo adabiy muhitida shonli va shukuhli kundir. Bu kunda hazrat bobomiz mir Alisher Navoiy tavallud topganlar. Har yili bu kun dunyo tamadduniga mash’al sifatida kirgan bobomizning asarlari yodga olinadi, tinglanadi, unga bag‘ishlangan qasidalar yangraydi.

Bu yil ushbu sana “Adiblar xiyoboni”da har doimgidan-da tantanavorroq, ulug‘vorroq tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshchiligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda yurtimizdagilar qatori Afg‘oniston, Turkiya, Bolgariya, Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardagi arboblar, adabiyotshunoslar, Navoiy ixlosmandlari ishtirok etdilar. Navoiyshunoslarning chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi, faxr tuyg‘usini jo‘sh urdirdi.

Tadbir so‘ngida vazirlik va idoralar qatorida Davlat test markazi rahbariyati va xodimlari ham hazrat mir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar va ta’zim bajo keltirdilar.

Tantanalar mamlakatimiz va xorijda yil bo‘yi davom etadi.

 

Yo rabki, inoyatingni yor ayla manga,
Yo‘qluqqa hidoyatingni bor ayla manga,
Har kahfi kifoyatingni dor ayla manga,
Har durri inoyating nisor ayla manga.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati