Davlat test markazi xaridlari yuzasidan

29-10-2020 | 1208

2020-yil 29-oktabr kuni “davletovuz” telegram kanalida Davlat test markazining sentabr oyidagi test sinovlari uchun xaridlari haqida ma’lumot e’lon qilindi.

Mazkur holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:

1. Davlat komissiyasining 2020-yil 19-iyuldagi 1-son bayoni bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020-2021-o‘quv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.

2. Shuningdek, Davlat komissiyasining 2020-yil 28-avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi 2020-2021-o‘quv yili qabulida kirish test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abituriyentlarni bosh kiyim (kepka) bilan ta’minlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.

3. “BOBURXON BN NODIRXON” korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan korxona 1 mln dona bosh kiyim (kepka)ni 6 174 so‘mdan 6 174 000 000 so‘mga, 15 % qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 7 100 100 000 so‘mga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

4. Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo‘shimcha kelishuv imzolangan va 6 174 so‘mdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 so‘mga, 15 % qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 493 499 550,60 so‘mga yetkazib bergan.

5. Mazkur korxona bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun boshqa korxonalar bilan ham bosh kiyim yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

6. Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlar ertalab 06:00 dan kechki 20:00 qadar 15 soat davomida test sinovlari o‘tkaziladigan hududda bo‘lganligi sababli ularni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Bunda eng qimmat shartnoma Toshkent shahri uchun bo‘lib, 13 kunga 12610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka) ning har biriga 31 000 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga) jami 390 910 000 so‘mga imzolangan.

Undan keyingi eng qimmat shartnoma Samarqand viloyatida imzolangan bo‘lib, bunda 12 kunga 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 so‘mdan jami 136 675 000 so‘mlik shartnoma imzolangan.

 

Davlat test markazi