Davlat test markazida ommaviy axborot vositalari uchun press-tur o‘tkazildi

15-01-2021 | 898

Dolzarb ma’lumotlarni yetkazish, muammolarni o‘z vaqtida ko‘tarib chiqishni ommaviy axborot vositalarisiz, blogerlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Tan olish kerakki, jurnalistlar aynan hozirgi vaqtda faoliyat ochiqligining kafolati va sohani rivojlantirish mezoni sifatida muhim o‘rin tutmoqdalar.

Prezidentning oxirgi murojaatnomasida ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritayotganligi, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratayotganligi, muammolarni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da’vat etib kelayotganligi bejiz ta’kidlanmadi.

Shularni va tashkilotlar faoliyatini maksimal darajada ochiqligini ta’minlashni hisobga olgan holda Davlat test markazida 2021-yil 15-yanvar kuni ommaviy axborot vositalari, tashkilotlar vakillari uchun navbatdagi press-tur tashkil etildi.

O‘tkazilgan press-turning kirish qismida o‘tgan yilgi murakkab davrda oliy ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari uchun tayyorgarlik ancha og‘ir o‘tganligi va test sinovlarini o‘tkazish ham oson kechmaganligi qayd etib o‘tildi. Tadbir ishtirokchilariga shular va o‘tgan o‘quv yilida Davlat test markazi tomonidan abituriyentlar hamda ularning ota-onalari uchun yaratilgan imkoniyatlar, qulayliklar, test sinovi tartibiga kiritilgan yangilik va o‘zgarishlar to‘g‘risida taqdimotlar asosida ma’lumotlar berildi.

Jurnalistlar va tashkilotlar vakillarida, ayniqsa yil davomida maxsus yopiq rejimda ishlovchi boshqarma va bo‘limlar faoliyati katta qiziqish ug‘otdi. Ular mavsum davomida bajariladigan ishlar ketma-ketligi bo‘yicha ochiq va batafsil tanishtirildi hamda qiziqtirgan barcha savollariga javob berildi.

Jurnalistlar o‘zlari xohlagan mavzuda matnli, audio-, foto-, videomateriallarni joyida tayyorlash, kerakli ma’lumotlarni birlamchi manbadan olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida birlamchi va ishonchli materiallarni Davlat test markazining o‘zidan olish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shular bilan birgalikda, sohaga oid har qanday yangiliklar, o‘zgarishlar to‘g‘risida vaqtida xabardor qilib borishga va zarur ma’lumotlarni taqdim etib borishga kelishib olindi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati