Ko‘p darajali test formati muhokama qilindi

14-12-2020 | 955

2020-yil 14-dekabr kuni Davlat test markazida chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash tizimining ko‘p darajali (multilevel) testi formati loyihasining dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent Xalqaro Vebster universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston milliy universiteti kabi respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin chet tili fani mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastlab, Davlat test markazining “Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi” xodimlari tomonidan ko‘p darajali (multilevel) test formati loyihasi, test topshiriqlari spetsifikatsiyasi va test sinovi jarayoniga qo‘yiladigan talablar mutaxassislarga tanishtirildi.

So‘ngra, mutaxassislar bilan ko‘p darajali test formati loyihasi muhokama qilinib, mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi va takliflar olindi.

Muhokama yakunida 2021-yil yanvar oyida ko‘p darajali (multilevel) test formati bo‘yicha test sinovlarini aprobatsiyadan o‘tkazishga kelishib olindi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati