Oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida bitiruvchilar baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini inobatga olish tizimini joriy qilishga oid Hukumat qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlarga munosabat

23-02-2021 | 549

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarining umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestati hamda diplom ilovasidagi umumta’lim fanlari bo‘yicha baholari o‘rtacha ko‘rsatkichini oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini joriy etishga doir Hukumat qarori loyihasi yuzasidan fuqarolar tomonidan ko‘plab fikrlar bildirilmoqda.

Shu sababli ushbu qaror loyihasining amaliyotga joriy etilishi natijasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifatiga, qolaversa, bitiruvchilarning oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilinishiga ta’sirini baholash ba’zi tahlillarni talab etadi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim turlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim va ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlardan yana biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni qabul qilinib, unga muvofiq 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarining attestati (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritilishi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi belgilangan.

Mazkur tartibni joriy etishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi Davlat test markazi tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilib, keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘quvchilar tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab, zaruriy uchta, to‘rtta yoki beshta fandan imtihon topshirish asosida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilinmoqda. Bunda o‘quvchilar tomonidan faqat kirish imtihonlaridagi fanlar o‘zlashtirilishi oqibatida boshqa fanlardan o‘zlashtirish darajasi past bo‘lib qolishiga, pirovardida, boshqa fanlardan umumiy savodxonlik darajasi tushib ketishiga olib kelmoqda.

Shu o‘rinda, “o‘quvchilar barcha fanlarni o‘rganishi zarurmi?” degan savol yuzaga keladi. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartida o‘quvchilar o‘quv rejaga kiritilgan barcha fanlardan belgilangan minimal talablarni bajarishi lozimligi ko‘rsatilgan bo‘lib, qaysidir fan kerakli, qaysidir fan esa keraksiz sifatida toifalanmagan. Soddaroq qilib aytganda, o‘quv rejasiga kiritilgan barcha fanlarni o‘zlashtirish zarur. Maktab davrida o‘qitilgan fanlar doirasida olingan bilim va ko‘nikmalar asosida o‘quvchi kelajakda egallashi mumkin bo‘lgan kasb yoki faoliyat turini tanlashi hamda tanlagan yo‘nalishida o‘qish yoki faoliyat turini davom ettirishi yoki jamiyatning faol a’zosi bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha baholar o‘rtacha ko‘rsatkichini oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olishning bir qator afzalliklari mavjud bo‘lib, xususan:

  • davlat ta’lim standartiga muvofiq o‘quvchilar o‘quv rejaga kiritilgan barcha fanlardan belgilangan minimal talablarni bajarishi lozimligini anglashi;
  • o‘quvchilarning barcha fanlarga bo‘lgan qiziqishi va mazkur fanlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan e’tiborini oshirish;
  • ota-onalar tomonidan farzandining ta’lim olishiga bo‘lgan mas’uliyati hamda e’tiborini oshirish;
  • baholarning faqatgina attestatda qolib ketmasligi, o‘qituvchilarga bo‘lgan talab va qiziqishni oshirish;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan elektron ma’lumotlar portalini joriy etish, o‘quvchilarga qo‘yilayotgan baholarning shaffofligi hamda o‘rtacha ko‘rsatkichni abituriyentlarning oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi reyting o‘rnini yuqori darajada aniqlikda belgilash;
  • oliy ta’lim tashkilotiga kirishda abituriyentlar o‘rtasida faqatgina “test uchun tayyorgarlik” tamoyiliga asoslangan yondashuvlarni o‘zgartirish, abituriyentlar uchun muhim bo‘lgan test imtihonlarining natijalarini belgilash vazifasi faqatgina bir tashkilot qo‘lida to‘planib qolishining oldini olish imkoniyatlari yaratiladi.

Rivojlangan davlatlar, xususan, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, Rossiya, Belorussiya, Turkiya davlatlarining tajribalarini o‘rganish bo‘yicha tahlillarga tayanib, mazkur davlatlarda o‘quvchilarning olgan baholarini oliy ta’lim tashkilotlariga kirishda inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rish mumkin.

Masalan, Rossiya va Yevropa davlatlarida o‘rta bo‘g‘in ta’lim muassasalari bitiruvchilari 5 ballik, AQShda 4 ballik tizimda baholanadi. Ushbu davlatlardagi aksariyat ta’lim muassasalarida bakalavriat va aspiranturaga qabul qilishda attestat yoki diplomning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) talab etiladi. Kaliforniya universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassalariga ariza qabul qilinishi uchun attestatning o‘rtacha ko‘rsatkichiga minimum talab belgilangan.

Buyuk Britaniya, Germaniya va Avstraliya davlatlarida ham nufuzli oliy ta’lim muassalariga talabalikka ariza qabul qilinishi uchun attestatdagi ayrim fanlar bo‘yicha baholarga nisbatan talablar belgilangan bo‘lib, baholari mazkur talablarga javob bergan abituriyentlar hattoki kirish imtihonisiz oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilinishi mumkin. Buning ijobiy tomoni shundaki, abituriyent maktabda o‘qib yurgan paytdayoq o‘zi o‘qishni tanlagan oliy ta’lim tashkilotining qabuliga qo‘yilgan talabni biladi va maqsadli ravishda ta’lim oladi. Salbiy tomoni esa abituriyent o‘zi tanlagan ta’lim muassasasi talabidagi ballni yig‘a olmasa, ushbu ta’lim yo‘nalishida o‘qish imkonini boy beradi.

Rossiyada abituriyentlar tanlovida maktabdagi olingan aynan baholarning ko‘rsatkichlari emas, balki a’lo baholi attestatga ega bo‘lgan bitiruvchilarga 1 balldan 6 ballgacha qo‘shib beriladi.

Yaponiya universitetlarida abituriyentlarning bilimlarini qayd etishning tabaqalashtirilgan tizimi mavjud bo‘lib, har bir universitetning o‘z tartib-qoidalari bor. Ba’zi universitetlarda milliy test tashkiloti o‘tkazgan sinovlardan keyin abituriyentning attestatdagi ballari hisobga olinadi. Ayrim nufuzli universitetlar esa qo‘shimcha test sinovlari joriy qiladi.

Belorussiya va Turkiya davlatlarida oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida to‘plagan baliga bitiruvchining attestatidagi baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi qo‘shib hisoblanadi. Buning ijobiy tomoni abituriyent maktabda o‘qib yurgan paytidan tizimga qo‘yilgan ta’lim standartlari asosida barcha fanlardan sifatli ta’lim olishga harakat qiladi. Bunda Turkiyadagi kirish imtihonining ikkinchi bosqichida bir nechta qo‘shimcha fanlar bo‘yicha test topshiriqlarini bajargan abituriyentlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotiga kirish imkoniyati ortadi. Salbiy tomoni esa attestatning o‘rtacha ko‘rsatkichi barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha shakllantirilganligi hisobiga, o‘z vaqtida jismoniy tarbiya, musiqa, mehnat, tasviriy san’at kabi fanlardan yaxshi ta’lim olmagan abituriyentning attestatidagi baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi pastroq bo‘ladi.

Biz rivojlangan demokratik mamlakatlar qatoridan joy egallash uchun dadil qadamlar tashlar ekanmiz, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganib, milliy mentalitetimizni inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etishimiz lozim.

Izohlar mualliflari tomonidan yangi taklif etilayotgan tizim korrupsiya holatlariga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ham fikrlar bildirilgan.

Korrupsiyadek yomon illat insoniyatni shunday chulg‘ab olganki, undan asrlar osha hech bir davlat yoki jamiyat butunlay qutula olmagan. Faqatgina uning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida korrupsiya minimal darajaga keltirilishiga erishilgan xolos.

Eslatib o‘tish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishda faol fuqarolik pozitsiyasi, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati, turli sohalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi hamda jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish kerakki, taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra, tasarrufida ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan o‘z bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholarini aks ettiruvchi elektron platforma joriy etilishi belgilangan. Bu inson omili orqali o‘quvchilarning baholarini o‘zgartirish imkoniyatlarini cheklaydi. Bunda qo‘yilayotgan o‘rtacha ko‘rsatkichlarning o‘quvchi tomonidan tasdiqlash imkoniyati berilishi jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan Davlat test markazi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, 2020-yil 24-iyulda normativ-huquqiy  hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilib muhokamadan o‘tkazilgan. Bugungi kunda jamoatchilikning takliflarini inobatga olgan holda mazkur qaror loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarining unifikatsiya qilinishi va yagona imtihonning yo‘lga qo‘yilishi ham o‘qituvchilarning mas’uliyatini keskin oshiradi, qolaversa, ta’lim muassasalarida qo‘yilayotgan baholarning validligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Lekin ayni vaqtda maktabdagi baholar bilan qabul imtihonlaridagi ballarni o‘zaro solishtirib bo‘lmasligi to‘g‘risidagi fikrlar o‘rinli. Hozirgi kunda maktablarda pedagogik o‘lchovlar bo‘yicha mutaxassislarning yetishmasligi hammamizga ma’lum. Bu masalaning ko‘tarilishining o‘zi ham, ayni damlardan boshlab keng jamoatchilik tomonidan maktabdagi baholarning obyektivligini ta’minlash to‘g‘risida fikr bildirilishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, oliy ta’lim tashkilotlariga talabalikka qabul qilishda adolat va shaffoflikni ta’minlash uchun faqatgina oxirgi yillardagi baholarning inobatga olinishi tartibini joriy etishning o‘zi yetarli bo‘lib qolmay, kompleks yondashuv va chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.

Jumladan, test sinovlarida o‘quvchilarning bilimini sinashda ham zamonaviy uslublar va pedagogik o‘lchov tamoyillarini joriy etish lozim, ya’ni o‘quvchilarning faqatgina maktab davrida olgan ma’lumotlarni eslab qolganliklarini emas, balki ularning fikrlashi, egallagan bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish ko‘nikmalarini baholash ham dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa o‘z navbatida malakali va tajribali mutaxassislarga bo‘lgan zaruriyatni vujudga keltiradi.

Bunga respublikamizda olib borilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar misol bo‘la oladi. Xususan, Toshkent davlat pedagogika universitetida “Testologiya va pedagogik o‘lchovlarni baholash” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash joriy etilganligi, Davlat test markazi huzurida Ilmiy-o‘quv amaliy markazi tashkil etilib, testologiya va pedagogik o‘lchovlar bo‘yicha malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilganligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etilib, o‘quvchilarning savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga kirishilganligi shular jumlasidandir.

Yuqorida joriy etilayotgan keng qamrovli va kompleks chora-tadbirlarning barchasi aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish, ta’lim tizimida adolatli va shaffof mexanizmlarni joriy etishga qaratilgandir.

 

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi,
Davlat test markazi