Qaror loyihasi muhokama qilindi

04-11-2020 | 1147

2020-yil 4-noyabr kuni Davlat test markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish  va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, Respublika ta’lim markazi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlarini joriy etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarorining loyihasi muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida ishtirokchilar rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmi hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlarini joriy etish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati