Rasmiy munosabat

16-11-2020 | 2311

Kuni kecha “UzREPORT TV” telekanalida Qashqadaryolik yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ko‘rsatuv davomida Davlat test markazi faoliyati, sha’niga nisbatan nojoiz fikrlar bildirib o‘tildi.

Ko‘rsatuv davomida “Savollar maktab dasturlariga yaqinlashmaydi”, “Maqsad bolani faqat qiynash” “Fransiya to‘g‘risida savollar kerak emas” kabi fikrlar bildirildi.

Davlat test markazi o‘z navbatida ushbu noxolis tanqidiy fikrlarga nisbatan quyidagilarni bildiradi:

birinchidan, Davlat test markazi hukumat tashabbusi va qarori bilan tashkil etilgan davlat boshqaruv organidir hamda tegishli normativ-huquqiy  hujjatlarda uning maqsad va vazifalari belgilab berilgan. Davlat test markazi faoliyatini ana shu tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar asosida olib boradi va ularga og‘ishmay amal qilib kelmoqda;

ikkinchidan, test topshiriqlari, ko‘rsatuvda aytilganidek, avval boshqacha, hozir boshqacha emas, ular barcha yillarda o‘rnatilgan tartibda bir xil yondoshuv asosida shakllantirib kelingan. Savollar faqat va faqat davlat ta’lim standartlari va ta’lim muassasalari o‘quv dasturlaridagi mavzulardan tuziladi. Shuni ham qayd etish kerakki, Fransiya davlati to‘g‘risidagi savollar ham aynan shu foydalanish uchun tavsiya etilgan mavjud o‘quv dasturlaridan olingan. Bu yerda “O‘z davlati to‘g‘risida bu kabi  savollarni fransuz xalqining o‘zi bilmaydi”, deyish, bizningcha, xato fikr. “Maktab dasturlari o‘zgarmayapti, lekin savollar ko‘paymoqda, qayerdan olinadi ular?”, deyilgan savolga ham xuddi shu javobni aytish mumkin. Xalq oldida bu kabi gaplarni aytishdan avval, ayniqsa katta olim kishi, mashhur shaxs “bu gaplarim amaldagi qonunchilik doirasidamikin, katta bir davlat tashkilotini bu bilan nohaq obro‘sizlantirish emasmi”, deya o‘ziga savol berishi kerak, deb hisoblaymiz.

uchinchidan, Davlat test markazi o‘z zimmasiga katta mas’uliyat, vazifalar yuklatilgan va ularni sifatli bajarish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, o‘z sha’niga qarshi qandaydir sabab bilan ehtiroslarga berilib bildirilayotgan har qanday salbiy fikr-mulohazalarga befarq emas.

Biz abituriyentlar uchun har yili qanday qulay shart-sharoitlar yaratilayotganligi, jarayonlar soddalashtirilayotganligi, savollar bazasi omma uchun ochib qo‘yilayotganligi, test topshiriqlari osonlashtirilganligi, yangi test topshiriqlari muntazam aprobatsiyadan o‘tkazilgandan keyingina foydalanish uchun qabul qilinayotganligi, ana shunday yangi test topshiriqlari kiritilgan e-Sinov dasturidan bepul foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi, undan to‘rt million nafardan ko‘p kishi foydalanganligi, shuningdek, “onlayn repetitor” yo‘lga qo‘yilganligi, bularning natijasida bu yil 963 nafar abituriyent eng yuqori ko‘rsatkichga erishganligi haqida to‘xtalib o‘tirmaymiz. Bu haqda jamoatchilik yetarli ma’lumotga ega. Aksincha, davlatimiz rahbariyati tomonidan oldimizga qo‘yilgan dolzarb va muhim vazifalarni sifatli ado etish, yoshlarimizni o‘qishga kirishida ularni qo‘llab-quvvatlash, yanada qulayliklar joriy etish birlamchi vazifamiz ekanligini yana bir karra eslatib o‘tamiz.

Shuningdek, biz tanqidiy fikr-mulohazalarga, agar ular asosli bo‘lsa, hech qachon qarshi emasmiz, ularni to‘g‘ri qabul qilamiz va kerakli xulosa chiqaramiz.

Bugungi kundagi ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda bunday islohotlarni amalga oshirishda ishtirokchi tashkilotlardan biri sifatida, yoshlarimizning yuksak ma’naviyatli, tarbiyali, zamonaviy chuqur bilimli, salohiyatli, raqobatbardosh bo‘lishidan birinchi galda manfaatdormiz.

Davlat test markazi