Sirdaryo viloyatida navbatdagi seminar tadbirlari o‘tkazildi

16-12-2020 | 1323

2020-yil 9-dekabrdan 15-dekabrga qadar Sirdaryo viloyatining tuman va shaharlarida Davlat test markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan seminarlar tashkil etildi.

Bo‘lib o‘tgan seminarlarda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, bo‘lim metodistlari, viloyatdagi umumta’lim maktablari direktorlari, maktablarning eng ilg‘or chet tili, matematika, ona tili va adabiyot hamda rus tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Unda, ishtirokchilarga Davlat test markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 646-sonli qarorining mazmun-mohiyati yetkazilib, bu borada Davlat test markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Jumladan, milliy test tizimini joriy etish bosqichlari, ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan milliy test tizimi uchun talabgorlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilayotganligi, ro‘yxatdan o‘tish tartibi, sertifikat olish uchun talablar, sertifikat olgan abituriyentlarga qanday imtiyozlar berilishi tushuntirildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash test sinovlari, mazkur test sinovi yanvar oyida hududlarda ham tashkil etilayotganligi, uning abituriyentlar va o‘quvchilar uchun qulayliklari, ularga qanday qo‘shimcha imkoniyatlar berishi, 23-24-dekabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan chet tillar o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash test sinovlari va ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “O‘qituvchilar uchun Aptis” test sinovi hamda ularning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, yanvar oyidan boshlab doimiy tarzda repetitsion-diagnostik test sinovlarini tashkil etish rejalashtirilayotganligi, repetitsion-diagnostik test sinovlari abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlariga yordam berishi, bu esa bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatgichini oshirishga xizmat qilishi hamda test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari bo‘yicha batafsil tushuncha va tavsiyalar berildi.

O‘tkazilgan seminarlarda jami 1600 nafarga yaqin rahbar xodimlar va tegishli fan o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Seminarlarda ishtirok etgan rahbarlar va o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga qanoatlantirilgan javoblarini oldilar hamda kelgusida Davlat test markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha o‘zlarining ijobiy takliflarini bildirdilar.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati