Test topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibini joriy etish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

01-12-2020 | 1152

Ma’lumki, 2020-yil 6-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4884-son qarori qabul qilindi.

Qarorning 9-bandida 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinishi belgilangan.

Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida Davlat test markazida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (13 nafar), Xalq ta’limi vazirligi (35 nafar), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (14 nafar) hamda Davlat test markazi (22 nafar) xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda sohalar bo‘yicha jami 84 nafar mutaxassis ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar guruhlarga ya’ni, chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari), ona tili va adabiyot (o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillari), fizika va matematika, tarix va geografiya, kimyo va biologiya fanlariga bo‘lingan holda muhokama qilindi.

Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtirilgan holda, mantiqiy fikrlash, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslanib ishlab chiqilgan test topshiriqlari va fan mazmuni loyihasi soha mutaxassislari tomonidan keng muhokama qilinib, masala yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Muhokama natijasida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kiruvchilar uchun test sinovlari o‘tkaziladigan fanlar mazmunining tarkibi va test topshiriqlarini tayyorlash talablari qayta ishlab chiqildi.

Ushbu ishlab chiqilgan fan spetsifikatsiyalari asosida test topshiriqlari bazasini yaratish, yangi test topshiriqlarini tuzish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati