Ustama belgilash test sinovlari yuzasidan

25-12-2020 | 3868

Bugun 25-dekabr kuni telegramdagi kanallardan birida chet tillar o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash test sinovlari haqida maqola e’lon qilindi.

Unda Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan test sinovlari jarayoniga e’tiroz bildirilgan. Mazkur holat bo‘yicha Davlat test markazi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Farg‘ona viloyatida ustama belgilash test sinovlari Farg‘ona politexnika institutida tashkil etilib, test sinovlari uchun konditsioner bilan ta’minlangan 7 ta xona tanlab olingan.

24-dekabr kuni 3-auditoriyada 5-6-guruhlar uchun o‘tkazilgan test sinovida CD diskni o‘qish bilan bog‘liq muammo kuzatilgan va muammo bartaraf etilgunga qadar o‘qituvchilar test sinovining o‘qish qismini bajarib turishgan.

Ma’lumot uchun, ustama belgilash test sinovlarining birinchi bosqichi 4 bo‘lim (tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozish) dan iborat bo‘lib, test materiallari bilan birga, tinglab tushunish qismi uchun CD diskda audiofayl ham yuboriladi.

Audiofayl ham test materillari kabi maxfiy ekanligi sababli, audio fayl yozilgan CD disk muhrlangan holatda bo‘ladi va test sinovi boshlanish vaqtida ochiladi.

CD diskni o‘qish bilan bog‘liq muammo bartaraf etilgandan so‘ng, auditoriya rahbari tomonidan o‘qituvchilarga ular chalg‘imasliklari uchun tinglab tushunish qismini test sinovlarining oxirida bajarishlari aytilgan. Lekin o‘qituvchilar test sinovi oxirida charchab qolishlari va yaxshi tushunmasliklarini aytib, tinglab tushunish qismini shu vaqtning o‘zida bajarishni so‘ragan.

O‘qituvchilarning talabidan kelib chiqqan holda, auditoriya rahbari tomonidan tinglab tushunish qismini bajarish uchun audiofayl qo‘yib berilgan.

Postda keltirilgan keyingi holat test sinovlari o‘tkazilgan xonaning sovuqligi bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur auditoriyada test sinovlari boshlangandan so‘ng konditsioner ishlamay qolgan va zudlik bilan institutning texnik xodimlari chaqirilgan. Lekin texnik xodimlar tomonidan konditsionerni sozlash imkoni bo‘lmagan.

Qolgan barcha xonalarda konditsioner bir me’yorda ishlab turgan va xonalarning issiq bo‘lishi ta’minlangan.

Test sinovi uchun ajratilgan vaqt yakuniga yetganidan so‘ng, auditoriya rahbari barcha o‘qituvchilardan test materiallarini topshirishni so‘ragan va test materiallarini yig‘ib olgan. Lekin ba’zi o‘qituvchilar test materiallarini topshirishni istamagan.

Shundan so‘ng, auditoriya rahbari agar test materiallari o‘z vaqtida topshirilmasa, dalolatnoma tuzilishi va talabgorning natijalari o‘qilmasligini o‘qituvchilarga tushuntirgan.

Shunda ham bir nafar o‘qituvchi test materiallarini topshirishdan bosh tortib, qo‘shimcha vaqt berishlarini talab qilgan. Vaqt qo‘shib berilmasligi qayta-qayta tushuntirilsa-da, o‘qituvchi tushunishni xohlamagan va e’tiroz bildirib, qo‘shimcha vaqt berilmasa, tashkilotchilar ustidan arz qilishini bildirgan.

Test sinovlari jarayonida tartib-qoida barcha uchun barobar va test sinovlariga ajratilgan vaqt yakuniga yetganidan so‘ng hech kimga test materiallari bilan ishlash uchun qo‘shimcha vaqt berilmaydi. Bu to‘g‘risida barcha o‘qituvchilarga test sinovi boshlanishidan oldin aytilgan va ogohlantirilgan.

Test sinovi jarayoni videokuzatuv kameralari orqali yozib olingan bo‘lib, kimdadir jarayon yuzasidan e’tiroz bo‘lsa, Davlat test markaziga murojaat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 23-24-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan ustama belgilash test sinovlarining birinchi bosqichida 3 952 nafar chet tillar o‘qituvchilari ishtirok etgan bo‘lib, 34 nafar o‘qituvchi tartib-qoidani buzganligi sababli test sinovlaridan chetlatilgan. Shundan:

  • 18 nafari telefon olib kirishga uringani yoki olib kirgani uchun;
  • 7 nafari shpargalka olib kirgani uchun;
  • 2 nafari test materiallarini o‘zaro almashtirgani uchun;
  • 2 nafari o‘zaro gaplashgani va birbiridan ko‘chirgani uchun;
  • 5 nafari test sinovi uchun ajratilgan vaqt yakunlangandan so‘ng ham test materiallarini topshirmagani uchun dalolatnoma tuzilgan.

Aynan e’lon qilingan postda keltirilgan auditoriyaning o‘zida ham 1 nafar talabgor telefon olib kirgani, yana 1 nafar talabgor esa shpargalka olib kirgani uchun jarayondan chetlatilgan.

 

Davlat test markazi