Talabgorlar uchun eslatma

  1. www.dtm.uz saytiga kiring va Chet tili boshqarmasi oynasini tanlang.
  2. “Milliy sertifikat” sahifasini tanlang.
  3. Ro'yxatdan o'tish sahifasini tanlang.
  4. Ketma-ketlik bo‘yicha o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni to‘g‘ri kiriting.
  5. Asosiy e’tiboringizni rasmga qarating (fon oq rangda, rasmiy kiyim, rasm parametrlari 3.5x4.5, jpg formatida).
  6. Shaxsiy kabinetingizga kirish orqali to‘ldirgan onlayn arizangizni va to‘lov kvitansiyasini pdf formatida yuklab oling va printerdan chop eting.
  7. Uch ish kunidan kechikmasdan istalgan bank kassasi yoki amaldagi elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lov kvitansiyasida ko‘rsatilgan summani invoys raqamini kiritish orqali to‘lashingiz shart.
  8. Onlayn ariza va to‘lovlarni amalga oshirganingizdan so‘ng Davlat test markaziga yoki uning hududiy bo‘linmalariga quyidagi hujjatlarni shaxsan olib borib topshiring:

     

    • ariza nusxasi;
    • agar to‘lov banklar kassalari orqali amalga oshirilgan bo‘lsa to‘langanlik to‘g‘risidagi to‘lov kvitansiyasi nusxasi (bazaviy hisoblash miqdorining 1.5 barobari);
    • pasport nusxasi;
    • multifora (hujjatlar uchun 1 donalik fayl).
  1. Test o‘tkaziladigan kun talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatining asli (fuqarolik pasporti) bilan belgilangan vaqtdan (bir soat) oldin kelishi shart.
  2. Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga taqiqlangan vositalar: aloqa vositalari (telefon, elektron soat), shpargalka, lug‘at olib kirish taqiqlanadi (shunday holat yuz bersa nomzod nizomga muvofiq test sinovlaridan chetlashtiriladi va ularning natijasi chiqarilmaydi).
  3. Auditoriyaga ustki kiyimlar, sumka, papka va boshqalarni olib kirish taqiqlanadi.
  4. Test jarayonida boshqa talabgorlar bilan gaplashish, orqa va yon taraflarga qarash, boshqa talabgorlarning test savollari kitobi yoki javoblar varag‘idan foydalanish taqiqlanadi.
  5. Auditoriya mas’ul kuzatuvchisi test boshlanganini ma’lum qilmasdan oldin savollar kitobini ochish taqiqlanadi.
  6. Test sinovi tugaganligi to‘g‘risida auditoriya mas’ul kuzatuvchisi e’lon qilgandan so‘ng hamma ruchkani stolga qo‘yib, auditoriya kuzatuvchisi kelishini kutib turadi.
  7. Test sinovi tugaganligi to‘g‘risidagi e’londan keyin ham yozishda davom etgan talabgorlar test sinovlaridan chetlatiladi.
  8. Test sinovi materiallarini yirtish, boshqa shaxsga uzatish holatlari yuz bersa test sinovidan chetlatiladi.
  9. Auditoriya kuzatuvchisiga test sinovi paytida savol berish taqiqlanadi (test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha barcha savollar mas’ul kuzatuvchiga imtihon boshlanishidan oldin beriladi).
  10. Auditoriya kuzatuvchisi ruxsatisiz auditoriyani tark etish taqiqlanadi.
  11. Test materiallarini auditoriyadan olib chiqish man etiladi.
  12. Test sinovlariga kech qolgan yoki uzrsiz sabablar bilan kelmagan hollarda to‘langan badalning 50% miqdori nomzodga qaytariladi.
  13. Sizga noto‘g‘ri, talabga mos bo‘lmagan imtihon materiallari berilgan deb hisoblasangiz yoki imtihon materiallari, test topshiriqlari nuqsonli bo‘lsa auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga test boshlanishidan 15 daqiqa oldin zudlik bilan xabar bering.
  14. Javoblar varaqasi raqamlarini solishtiring, ular bir xil bo‘lishi kerak. Raqamlar bir biridan farq qilsa auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga murojaat qiling.
  15. Test sinovlari paytida sog‘ligingiz yomonlashsa zudlik bilan auditoriya mas’ul kuzatuvchisini ogohlantiring.
  1. Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab uch haftadan kechikmay talabgorning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi.
  2. Test sinovi natijasida maksimal ballning 60% dan kam to‘plagan talabgorlarga malaka sertifikati berilmaydi va to‘langan to`lov qaytarilmaydi.
  3. Test sinovi yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 60 foizidan kam ball olgan talabgor test sinovida qatnashish uchun test sinovi o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin, chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish uchun to‘lov to‘langan taqdirda, hujjatlarni takroran taqdim etish huquqiga ega.
  4. Ijobiy baholangan talabgorlar malaka sertifikatini shaxsan yoki notarial tasdiqlangan ishonchnoma orqali Davlat test markazidan yoki uning hududiy bo‘limalaridan ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar olib ketishlari mumkin.