Davlat test markazi ALTE tashkilotining rasmiy hamkoriga aylandi

02-06-2021 | 460

Bugungi kunda Davlat test markazi ko‘pgina xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatgan bo‘lib, faoliyat sifatini oshirishga, testologiya sohasini rivojlantirishga, baholash tizimini yanada adolatli va shaffof bo‘lishiga erishmoqda. Buni Germaniyaning Toshkent shahridagi Gyote instituti (Geothe institut), Rossiyaning Pedagogik o‘lchovlar federal instituti (FIPI),  AQShning Educational Testing Service (ETS) tashkiloti va “SCANTRON” korporatsiyasi , Koreyaning Koreya ta’limi va dasturlarini baholash instituti, Yaponiyaning Universitetlarga kirish imtihonlarini o‘tkazish milliy markazi, Turkiyaning Baholash, tanlash va joylashtirish markazi (OSYM), Buyuk Britaniyaning Norvich tilni o‘rganish intstituti (NILE), Britaniya Kengashi (British Council), Cambridge Assessment English va boshqa shu kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatganida ko‘rish mumkin.

Davlat test markazi xalqaro faoliyat doirasini kengaytirish maqsadida yana bir yirik xalqaro tashkilot – ALTE bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

ALTE Yevropa va boshqa mamlakatlarda lingvistik qobiliyatni adolatli va aniq baholashga ko‘maklashish uchun hamkorlikda faoliyat olib boradigan test olishga mas’ullarning birlashmasi bo‘lib, 1989-yilda Kembridj universiteti (Buyuk Britaniya) va Universidad de Salamanca (Ispaniya) tomonidan tashkil etilgan. U Yevropa tillari bo‘yicha imtihonlarning sifatli auditorlik tizimini boshqaradi.

Bugungi kunda ALTE tashkiloti tarkibida 25 ta Yevropa tillarini baholovchi 33 ta to‘liq a’zo tashkilot, shuningdek, 68 ta hamkor tashkilot, 15 nafar yuqori malakali ekspertlar va dunyo bo‘ylab 800 dan ortiq mutaxassislar  mavjud.

Davlat test markazi ALTE tashkilotining rasmiy hamkoriga aylandi va kelajakda ALTE tashkiloti bilan hamkorlikda bir nechta istiqbolli vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Shuni eslatish joizki, rivojlangan mamlakatlar e’tiboridagi bu tashkiloti bilan hamkorlik Davlat test markazi uchun baholash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Davlat test markazi ALTE tashkilotining hamkoriga aylanishi to‘liq rasmiy a’zoligini qo‘lga kiritishning birinchi bosqichi hisoblanadi. ALTEning xalqaro sifat belgisini  (Q-Mark)  qo‘lga kiritish va to‘liq rasmiy  a’zosiga aylanish juda murakkab jarayon bo‘lib, keyingi bosqichga o‘tish uchun kamida 1 yil davomida uning rasmiy hamkori sifatida faoliyat olib borish lozim. Shuningdek, xalqaro o‘rganish va tekshiruvlardan o‘tish kabi bir qator talablarni bajarish kerak. Shundan so‘ng, Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tili bo‘yicha milliy sertifikat xorijiy davlatlarning ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olinishiga erishiladi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati