Davlat test markazi - Britaniya Kengashi – hamkorlikning yangi qirralari

06-02-2019 | 1063

2019 yil 4 fevral kuni Davlat test markazi direktori M.Karimov Britaniya Kengashi ekspertlari Viktoriya Klark, Antoaneta Yordanova, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Jamila Gulyamova, imtihonlar boʻlimi menedjeri Gulnoza Nadjmiddinova hamda hamkorlar bilan ishlash menedjeri Emine Sheyxametova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Davlat test markazi tomonidan direktor oʻrinbosari Xakberdiyev Kaxramon, Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshligʻi Sardor Radjabov, boʻlim boshliqlari Elvira Urayeva, Ulugbek Noraliyev hamda bosh ekspertlar Oybek Ganiyev va Avazbek Abbosovlar qatnashdilar.

Oʻz oʻrnida Jamila Gulyamova Davlat test markazi rahbariyatiga oʻz qabul uchun minnatdorchiligini bildirib oʻtdi va Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitishdagi islohotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtdi. J.Gulyamova soʻzlariga koʻra, islohotlarning davomiyligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi hamda Britaniya Kengashi bir yoqadan bosh chiqarib ishlashiga bogʻliq.

Davlat test markazi direktori M.Karimov qilinayotgan ishlardan mamnun ekanligini va hamkorlikning yangi qirralariga yetishiga umid qilayotganini aytib oʻtdi. Ushbu uchrashuvda asosiy eʼtibor chet tili oʻqituvchilarini bazaviy oylik maoshlariga ustamalar belgilash boʻyicha oʻtkaziladigan sinovlarga, ularning oʻziga xosligi va Britaniya Kengashining APTIS testlaridan oʻqituvchilarga ustamalar belgilash testlarida foydalanish imkoniyatlariga toʻxtalib oʻtdi.

Britaniya Kengashining eksperti Viktoriya Klark APTIS testlari tarkibi, imtihon tuzilishi, baholash mezonlari, tinglab tushunish, oʻqish, leksika va grammatika, yozish, gapirish koʻnikmalari baholanishi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi hamda Davlat test markazi ekspertlari savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Davlat test markazi va Britaniya Kengashining ishchi guruhi tomonidan APTIS test sinovlaridan oʻqituvchilarning bazaviy oylik maoshlariga ustamalar belgilashda foydalanish uchun bir necha tashkiliy masalalarni hal qilishi kerakligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuni xam takidlab oʻtish kerakki, Davlat test markazi va Britaniya Kengashining hamkorligi joriy yilning 5-6 fevral kuni Oʻzbekiston jahon tillari universiteti binosida boʻlib oʻtadigan “Ingliz tili boʻyicha milliy islohotlarining asosiy muvaffaqiyat omillari va muammolari” deb nomlangan konferensiyada davom etadi.

7-8 fevral kunlar Davlat test markazi binosida Britaniya Kengashi ekspertlari Viktoriya Klark hamda Antoaneta Yordanova tomonidan Davlat test markazi xodimlarini malakasini oshirish boʻyicha seminar-trening boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Unda Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida taqdimoti ham tinglanadi.