Davlat test markazi vakili Meksikada

26-03-2019 | 645

Joriy yilning 21-23 mart kunlari Meksikaning Mexiko shahrida (Universidad Ibero americana Ciudad de México) birinchi marotaba Britaniya Kengashining Lotin Amerikasidagi ingliz tilini bilish darajasini baholashda yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish mavzuida Forumi bo‘lib o‘tdi.

Bunday katta va nufuzli tadbirda ilk marotaba Davlat test markazining vakili – Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi bosh mutaxassisi Oybek Ganiev o‘z ma'ruzasi bilan ishtirok etdi hamda “Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash milliy test tizimining rivojlanish istiqbollari” nomli prezentatsiyasini taqdim etdi. Ma'ruza va prezentatsiya chet tili mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, statistik tahlillar ham Forum qatnashchilariga faoliyat to‘g‘risida yanada yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lishlariga yordam berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash, jumladan, chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash sinovlari hamda chet tili o‘qituvchilarining bazaviy oylik maoshlariga ustamalar belgilash bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari to‘g‘risida ko‘plab savollar berildi va ularga batafsil javoblar berildi.

Forum doirasida Boshqarma faoliyatiga qiziqish bildirgan turli davlatlardan kelgan ingliz tili mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ular tomonidan hamkorlik qilish ishtiyoqi borligi ma'lum qilindi.

Forum ishtirokchilari ilmiy dasturlar bilan bir qatorda, Meksikaning boy madaniy va tarixiy merosi, xususan, yodgorlik va muzeylarga boy Mexiko shahri, undan 40 kilometr shimoliy-sharqda joylashgan “Sharpalar shahri” nomini olgan Teotiuakan va YUNESKO tomonidan himoyaga olingan boshqa ko‘plab tarixiy yodgorliklar bilan ham tanishdilar.

Safar Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkillashtirildi. Safar davomida olingan bilimlar va yangi tanishuvlar O‘zbekistonning chet tilini bilish va egallash darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlanishiga katta hissa qo‘shishiga ishonamiz.