Davlat test markazining rasmiy bayonoti

08-07-2020 | 1945

2020-yil 8-iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur matbuot anjumanidan so‘ng turli manbalarda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Shuni eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4319-son “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini har yilgi shaklda, katta sig‘imli binolarda, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Shuni ma’lum qilamizki, davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan.

 

Davlat test markazi