Fan olimpiadasining respublika bosqichi yakunlandi

31-05-2021 | 413

2021-yil 29-30-may kunlari umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar hamda kasb-hunar maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Ingliz, nemis, fransuz va tojik tillaridan Samarqand viloyatida, ona tili va adabiyot, o‘zbek tili va adabiyot (ta’lim rus va qardosh tillarda), maxsus maktablar uchun matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan Toshkent shahrida tashkil etilgan fan olimpiadasi 2 turda (yozma ish, test sinovi) bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadaning yozma ish qismi 29-may kuni Xalq ta’limi vazirligi tomonidan, test sinovi qismi esa 30-may kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi.

Unda yuqorida qayd etilgan fanlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 218 nafar talabgor ishtirok etib, g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Olimpiada yakunida g‘oliblar aniqlanib, ishtirokchilar va g‘oliblar sertifikat, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, qolgan fanlardan Fan olimpiadasining respublika bosqichi 6-7-may kunlari Buxoro viloyatida hamda 22-23-may kunlari Navoiy va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan edi.

Mazkur olimpiadalarda 1-3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi sertifikatga ega bo‘ladilar.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati