Hurmatli abituriyentlar!

18-04-2019 | 135073

Sizlar uchun 3 ta ta’lim yoʻnalishini tanlash boʻyicha elektron qoʻllanma ishga tushirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori loyihasida abituriyentlarning oʻqishga kirish imkoniyatlarini oshirish maqsadida bir nechta oʻzgarishlar kiritilmoqda. Shulardan biri – 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga kirishda abituriyentlarga 3 ta ta’lim yoʻnalishini tanlash huquqi berilmoqda. Ushbu yoʻnalishlarni tanlash koʻnikmasini mustahkamlash uchun abituriyentlarga koʻmak va qoʻllanma sifatida maxsus dastur ishlab chiqildi. Ayni paytda test rejimida ishga tushirilgan mazkur dastur orqali abituriyentlar 3 ta ta’lim yoʻnalishini tanlash tajribalarini orttirishlari mumkin. Dastur Davlat test markazining www.dtm.uz rasmiy veb-saytida joylashtirilgan. Eslatib oʻtamiz – dastur vaqtincha oldingi yil bazasi asosida ishlamoqda, 2019/2020 oʻquv yili uchun Ta’lim yoʻnalishlari roʻyxati tasdiqlangandan keyin yangi baza asosida ishlashi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, abituriyentlardan dastur bilan ishlash jarayoni yuzasidan tushunmovchilik yoki boshqa muammolar yuzaga kelganda bevosita murojaat qilishlarini soʻraymiz.


 

Dastur bilan ishlash tartibi:

  1. Veb-saytning “2019/2020 oʻquv yili uchun” tugmasini bosiladi.
  2. Ochilgan sahifadagi bir nechta tavsiya tugmasidan “3 ta ta’lim yoʻnalishini tanlash” tugmasi bosiladi. Unda rasmda koʻrsatilgan sahifa ochiladi. 
  3. Sahifadan birinchi navbatda “Ta`lim tili” ni bosish yordamida kerakli til tanlanadi.
  4. Shuningdek, “Ta`lim shakli” ham tanlanadi.
  5. Koʻrsatilgan “Viloyat”, “Oliy ta`lim muassasasi”, “Yoʻnalish nomi” har bir yoʻnalish (avval 1-, keyin 2- va h.) boʻyicha alohida-alohida tanlab chiqiladi va saqlanadi. 
  6. Tanlash tugagach va saqlangach, tanlangan ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha umumuiy ma’lumot havola etiladi. Ularni tekshirib, toʻgʻriligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Eslatma: 3 ta ta’lim yoʻnalishini 1-ta’lim yoʻnalishi tanlab boʻlingach va saqlangach, shu ta’lim yoʻnalishi boʻyicha test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi chiqadi. Agar tanlov notoʻgʻri bajarilganda har bir havola (yoʻnalish) sahifasidagi “tozalash” tugmasini bosib, tanlovni qaytadan amalga oshirish mumkin.

3 ta ta'lim yo'nalishini tanlash dasturiga oʻtish