Davlat test markazining rasmiy bayonoti

26-05-2021 | 10616

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisidan so‘ng ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentlardan ortiqcha to‘lov undirilganligi, Jamg‘arma mablag‘larini depozitga qo‘yish va davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha bir qator ma’lumotlar e’lon qilindi. Mazkur holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:


Abituriyentlardan ortiqcha undirilgan to‘lov bo‘yicha.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-4319-son qaroriga asosan, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lov undirilishi joriy etilgan.

2019-2020-o‘quv yili qabulida oldingi yillar bitiruvchilaridan test sinovi uchun to‘lov undirish birinchi marta joriy etilgan bo‘lib, mazkur yilda abituriyentlardan hujjatlar qabuli oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilgan. Unda abituriyentlar hujjatlarini topshirish uchun oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilganda, ular tomonidan to‘lovni amalga oshiradigan toifadagi abituriyentlarga to‘lovni amalga oshirish uchun kvitansiya shakllantirib berilgan va abituriyentlar to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng hujjatlarini topshirgan.

To‘lov undirilmaydigan toifadagi abituriyentlarning hujjatlari esa shu zahoti qabul qilingan. Bunda to‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar toifalari haqidagi ma’lumotlar Davlat test markazi tomonidan oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlariga yetkazilgan hamda Davlat test markazining telegramdagi rasmiy kanalida e’lon qilingan.

Shunday bo‘lsa-da, to‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar tomonidan hujjatlarni topshirish jarayonida test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Buning natijasida 896,4 mln. so‘m ortiqcha to‘lov amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida abituriyentlarning arizasiga asosan ortiqcha to‘langan 156,3 mln so‘m mablag‘ egalariga qaytarilgan. 2021-yilning 25-mart holatiga ortiqcha to‘langan mablag‘ miqdori 740,1 mln so‘mni tashkil etadi.

Qolgan abituriyentlar to‘lovni qaytarish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilmaganliklari sababli, Davlat test markazida ularning to‘lovlarini qaytarish imkoniyati bo‘lmayapti.

Shunday bo‘lsa-da, ularning ma’lumotlari tahlil qilinib, noto‘g‘ri to‘lov amalga oshirgan 3 170 nafar abituriyentning ma’lumotlari 2020-yil uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar bazasidan aniqlanib, ularning telefon raqamlariga SMS xabarnomalar yuborilgan. Qolgan 4 132 nafar abituriyentning ma’lumotlariga aniqlik kiritib bo‘lmayapti.

2019-yilning tajribasidan kelib chiqqan holda abituriyentlarni ro‘yxatga olish uchun ishlatiladigan ABITUR dasturi takomillashtirilib, mazkur kamchilikning oldini olish maqsadida dastlab abituriyentlar onlayn ro‘yxatga olindi va dastur tomonidan test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘lgan abituriyentlar aniqlanib, ularga invoys shakllantirildi. To‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar uchun esa invoys shakllantirilmadi va ularning arizasi to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilindi. Buning natijasida to‘lovni amalga oshirish bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Davlat test markazi abituriyentlar tomonidan noto‘g‘ri amalga oshirilgan to‘lovlarning abituriyentlarga to‘liq holda qaytarilishi tarafdori bo‘lib, mazkur abituriyentlar Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilganda, ularning to‘lovlari qaytarilishini ma’lum qiladi.


Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklariga depozitga qo‘yish bo‘yicha.

Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi Nizomida jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining moliyaviy barqaror va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan depozit hisob varaqlariga joylashtirish belgilangan.

Shunga asosan “MIKROKREDITBANK”, “IPOTEKA BANK”, “DAVR BANK”, “IPAK YO‘LI” va “ASAKA BANK” tijorat banklaridan takliflar olingan.

 Olingan takliflar komissiya tomonidan o‘rganib chiqilib, bankning ishonchli hamkor maqomiga eka ekanligi, depozitni qisman yoki to‘liq qaytarilgan vaqtda foiz stavkasining o‘zgarmasligi, depozitga qo‘yiladigan mablag‘larni va foizlarni o‘z vaqtida qaytarilishini kafolatlaydigan shartlari ko‘rib chiqilib, komissiya bayonnomasi asosida 2019-yilda 30,0 mlrd so‘m (2019-yil 15-martda 03-08/19 shartnomaga asosan 10 mlrd. so‘m, 2019-yil 6-noyabrda 04-08/19 shartnomaga asosan 10 mlrd. so‘m, 2019-yil 27-dekabrda 06-08-19 shartnomaga asosan 10 mlrd. so‘m) mablag‘ depozitga joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-4555-sonli qarorining 26-bandida, 2020-yil 1-yanvardan boshlab budjet tashkilotlari jamg‘armalarining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning so‘rovlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Davlat test markazi tomonidan 30,0 mlrd so‘m mablag‘ ushbu qaror chiqishidan oldin depozitga qo‘yilgan bo‘lib, muddati tugashi bilan yurist xulosasiga asosan qo‘shimcha kelishuvlar bilan shartnoma muddati uzaytirilgan.


Davlat xaridlari bo‘yicha.

Davlat komissiyasining 2020-yil 19-iyuldagi 1-son va 2020-yil 28-avgustdagi 3-son bayonlari bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020-2021-o‘quv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvi, bosh kiyim, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida istisno tariqasida Respublika tovar-xom ashyo birjasining maxsus elektron portaliga e’lon joylashtirmasdan va elektron savdolarsiz, tendersiz ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.

Shunindek, mazkur tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanishi qayd etilgan.

Davlat test markazi tomonidan ichki tanlov asosida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha ma’lumotlar Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan bo‘lib, mazkur ma’lumotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.