Sayyor qabullar davom etmoqda

30-04-2021 | 550

Davlat test markazi rahbariyati tomonidan 2021-yilning 1-yarmi uchun belgilangan sayyor qabullar o‘tkazish rejasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Markaz faoliyatiga oid masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida sayyor qabullar tashkil etish davom etmoqda.

Navbatdagi sayyor qabullar Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Radjabov Sardor Baxtiyorovich tomonidan Andijon va Namangan viloyatlarida o‘tkazildi.

Dastlabki sayyor qabullar Andijon viloyatida 28-aprel kuni Buloqboshi tumanidagi 3-umumta’lim maktabi va Andijon shahridagi Andijon mashinasozlik instituti akademik litseyida tashkil etildi.

Keyingi sayyor qabullar Namangan viloyatida 29-aprel kuni Namangan shahridagi 41-umumta’lim maktabi va Namangan tumanidagi 26-umumta’lim maktabidada o‘tkazildi.

 Yoshlar, bitiruvchi o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar va mas’ul shaxslar ishtirok etgan mazkur qabullar Prezidentimizning sohaga oid qarorlari, famonlari, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da qabul qilingan Davlat dasturidan kelib chiqqan holda kirish test sinovlariga oid eng so‘nggi yangiliklar, kutilayotgan o‘zgarishlar, test sinovi jarayonlarini soddalashtirish, test topshiruvchilar uchun yanada kengroq imkoniyat, qulayliklarga asoslangan shart-sharoitlar yaratish, mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan test topshiriqlaridan kengroq foydalanish, umumta’lim fanlaridan milliy test tizimini joriy etish, shuningdek, Davlat test markazi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, qarorlar loyihalari sharhi, mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.

Tadbirlar davomida katta qiziqish bilan qatnashgan o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, mas’ul shaxslar va boshqalarning savollariga batafsil javob berildi.

Shuningdek, sayyor qabullar davomida 24-27-mart kunlari bo‘lib o‘tgan chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash test sinovlarida B2 tilni bilish darajasi bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatib, Davlat test markazi tomonidan yoshlarning chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va eng bilimlilarini munosib taqdirlash maqsadida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblaridan biriga aylangan B.M.Muxtorov planshet va boshqa esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Davlat test markazi matbuot xizmati