Sud qarorlari ijrosi taʼminlangan

02-04-2019 | 1292

Joriy yilning 1 aprel kuni “kun.uz” “Davlat test markazi sudda yutqazdi: 48 soniya kechikkan abituriyent uchun adolat tiklanadimi?” nomli navbatdagi maqolasini eʼlon qildi. Maqolaning nomidan jamoatchilikda notoʻgʻri taassurot uygʻonmasligi uchun unga toʻxtalib oʻtishni lozim deb topdik.

Eng avvalo qayd etish kerakki, biz qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda yashayapmiz va qonun ustuvorligini taʼminlash huquqiy jamiyatning asosi hisoblanadi.

Davlat test markazi test sinovlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida oʻtkazadi. Mazkur nizomda test sinovlari 3 soat davom etishi, belgilangan vaqt tugagandan keyin barcha abituriyentlar ruchkani partaga qoʻyib, oʻrinlaridan turishi belgilab qoʻyilgan. Ammo maqolada tilga olingan S.Ibragimova test materiallarini 48 soniya kechikib topshirganligi sababli, qayd etilgan nizomga muvofiq test sinovidan chetlatilgan.

Abituriyent holatdan norozi boʻlib, sudga murojaat qilgan. 2018 yil 20 sentabr kuni Yunusobod tumani maʼmuriy sudi hamda 2019 yil 18 fevral kuni Toshkent shahar maʼmuriy sudi kassatsiya hayʼati hal qiluv qarorlariga muvofiq S.Ibragimovaga tegishli javoblar varaqasini koʻrib chiqib, olgan ballarini hisoblash majburiyati Davlat test markaziga yuklatilgan.

Davlat test markazi tomonidan 3 kun ichida Toshkent shahar maʼmuriy sudi kassatsiya hayʼatining hal qiluv qarori ijrosi taʼminlangan va test sinovi natijasi tegishli tashkilotlarga hamda abituriyentga yuborilgan.

Test sinovi natijasiga koʻra S.Ibragimova 125,9 ball toʻplagan. U hujjat topshirgan Buxoro tibbiyot instituti “Pediatriya ishi (Buxoro)” taʼlim yoʻnalishida grant boʻyicha oʻtish bali 168,9 ball va toʻlov-kontrakt boʻyicha 152,2 ballni tashkil etgan.

Davlat test markazi sudlarning hal qiluv qarorlari ijrosini qonunchilikka muvofiq taʼminlagan.

Davlat test markazi