“tentakminds”, “Onasining o‘g‘li”

03-07-2020 | 3134

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlari yaqinlashgan sayin asosi noma’lum telegram kanallarining e’tibori yurtimizda qiyin kechayotgan  pandemiya sharoitidan Davlat test markaziga ko‘chmoqda.

Buni noto‘g‘ri tushunish kerak emas. Aslida qaynoq mavzular hammaning diqqat-e’tiborida bo‘ladi. Biroq bunday diqqatni salbiy ohangda “yo‘rg‘alatish”, qalamga olgan holat aslida yuz bermagan bo‘lsa-da, go‘yo hayotning muhim mavzusi kabi bezab-bejab chiqish va jamoatchilik e’tiborini yolg‘ondan iborat “rost”ga qaratish faqat nomini, o‘zini va boshqa ma’lumotlarini sir tutuvchi soxta, noxolis telegram kanallariga xos bo‘lib boryapti. Nima ham derdik, ularning “mushugini pisht”, deydiganlar yo‘q hisobi. Shuningdek, davlatimizning ijtimoiy tarmoqlarda aloqa platformalarini yurituvchilar uchun keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratayotgani, media maydonda alohida joy ajratayotganligi qanchalik quvonarli bo‘lsa, bunday imkoniyatlardan noxolislik bilan foydalanuvchilar topilayotganligi shunchalik qayg‘uli, ha, aynan qayg‘uli.

Xullasi kalom, fikr-mulohazalarimiz “tentakminds” va “Onasining O‘g‘li” nomlari bilan internetning keng axborot sahnasida faoliyat yuritayotgan telegram messenjeridagi kanallarda bosilgan “Jasorat”, “DTMning jurnalistlardan qo‘rquviga sabab nima?” maqolalari xususida.

“DTMning jurnalistlardan qo‘rquviga sabab nima?”da keltirilishicha, muallif intervyu ilinjida Davlat test markazi bilan bog‘langan bo‘lsa-da, bir haftadan buyon javob ololmabdi. Shu o‘rinda qayd etish kerak, biror jurnalistning Davlat test markazida intervyu olish masalasi hal etilmagan holat hozirga qadar kuzatilmagan, bu ro‘y bermaydi va jurnalistlardan qo‘rqadigan joyi ham yo‘q. Davlat test markazi hamisha ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanligini aytib kelgan. Hozir ham shuni takrorlaymiz: keling, muloqotga biz doim tayyormiz. Matbuot xizmati telefon raqami – (71) 234 64 21 (soat 8:00 dan  19:00 ga qadar ishlaydi). Bir marotaba bo‘lsa ham bog‘laning, agar so‘rovingiz inobatga olinmasa, unda har qanday ayblovingizni aytavering. Ayni paytda kun.uz, human.uz muxbirlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakilining Davlat test markazi direktori bilan intervyu uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Endi “tentakminds”dagi “Jasorat” maqolasi haqida. Unda “X-variant” to‘g‘risida asoslanmagan holatlar qalamga olinibdi. O‘rtoq muallif, birodar, agar Siz Davlat test markazi faoliyati bilan yaqindan tanish, hozirgi sharoitdan kelib chiqqan holda qilinayotgan ishlardan, biroz bo‘lsa-da, xabardor bo‘lganingizda yoki qayta-qayta yuborilgan taklifimizni bir marta inobatga olib, muassasaga kelib, ochiq muloqot qilganingizda, shuningdek, bu paytda jig‘ildoni amri bilan turli “hojatbarorlar” ko‘payishini tushunganingizda masalaga, balkim, boshqacha yondashardingiz. Oldingi maqolalarimizda yozganimizdek, Siz bilan bo‘lmagan, yuz bermagan holatlar bo‘yicha yozishaverishga, haqiqatan ham vaqtimiz yo‘q, ayniqsa, hozirgi tayyorgarlik mavsumida.

Davlat test markazi matbuot xizmati