Test sinovi tizimi takomillashtirilmoqda

14-05-2019 | 5626

2019 yilning 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ – 4319-sonli va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimi sertifikatlarini tatbiq qilish to‘g‘risida” 395-sonli qarorlari qabul qilindi. Shu munosabat bilan va ommaviy axborot vositalari vakillarini hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka qarorlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida matbuot anjumanlari, birifinglar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mamlakatimizda ham ta'lim sohasi rivojlangan sari yoshlarimizning oliy ma'lumotli kasb egasi bo‘lish istagi tobora oshib bormoqda. Shular va xorijiy davlatlarning ta'lim sohasi tajribasini o‘rganish natijalari yoshlarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratish ehtiyojini keltirib chiqarayotgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis deputatlariga qilgan Murojaatnomalarida qayd etilgan va “2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida o‘z aksini topgan o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan mazkur qarorlar qabul qilinganligi, ular asosida ko‘pgina yangilik va o‘zgarishlar joriy etilganligi qayd etilmoqda. Ushbu yangilik va o‘zgarishlar to‘xtalsak:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 14 maydagi PQ – 4319-son qarori bo‘yicha:

Birinchidan, joriy yildan boshlab abiturientlarni davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

Ikkinchidan, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladigan bo‘ldi – tashkiliy jihatlarning ko‘p vaqt va kuch talab qilishi, abiturientlar sonining keskin ortishi munosabati bilan.

Uchinchidan, joriy o‘quv yilidan boshlab abiturient bir vaqtning o‘zida 3 ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishida (uchtagacha oliy ta'lim muassasasida fanlar majmuasiga muvofiq keluvchi jami uchta bakalavriat ta'lim yo‘nalishida) tanlovda ishtirok etadi – uchtagacha ta'lim yo‘nalishini tanlashda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasining mosligi e'tiborga olinadi. Shuningdek, abiturient tomonidan ta'lim yo‘nalishlariga ustuvorlik belgilanadi.

To‘rtinchidan, oldingi o‘quv yillarida ta'lim muassasalarini tugatgan abiturientlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida yig‘im undiriladi (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta'minotidagi shaxslar bundan mustasno).

Beshinchidan, abiturientning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma'lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Oltinchidan, 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test fanlari majmuasi ikki bo‘limga ajratilib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchi abiturientlar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da'vogarlik qilinayotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi. Majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abiturientlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi.

Yettinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning ma'muriy markazlarida kelgusida test sinovlarini o‘tkazish maqsadida katta sig‘imli bino va inshootlar quriladi.

Shuningdek, abiturientga o‘zi ro‘yxatdan o‘tadigan, aniqrog‘i, doimiy istiqomat qiladigan joyida yoki boshqa qulay deb bilgan hududda test sinovida ishtirok etish imkoniyati berilishi mumkin – bu ortiqcha vaqt, mablag‘ sarflanishining, sarsonliklarning oldini oladi.

Eslatish joizki, Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga tushgan mablag‘lar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyaviy ta'minlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash, biometrika, mobil aloqa to‘lqinlarini to‘suvchi qurilmalari va kuzatish kameralari, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abiturientlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta'minlashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, test sinovlarini tashkil etish juda katta qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni talab etadi va jamg‘armaga tushadigan to‘lovlar mavjud xarajatlarni to‘liq qoplash uchun yetarli deb bo‘lmaydi. Tezkor o‘qiydigan optik qurilmalar xaridi, xorijiy ekspertlarni jalb etish va xorijiy vatandoshlarni Davlat test markaziga ishga olish, to‘rt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga to‘lanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, o‘z vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilar kiradi.

Test sinovlariga to‘lovning joriy etilishi amalda tayyorgarliksiz kelayotgan, bilimsiz va g‘arazli maqsad bilan ishtirok etayotgan abiturientlar sonining va test sinovlari jarayonida o‘zgadan yordam olish yoki yordam berish holatlarining kamayishiga olib keladi. Ushbu holat xorijiy mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, oliy ta'lim muassasalari tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida joriy etilgan.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimi sertifikatlarini tatbiq qilish to‘g‘risida” 2019 yil 13 maydagi 395-son qarori bo‘yicha:

Mazkur qaror o‘zida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlarni qo‘llab-quvvatlash va 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish, shuningdek kirish sinovlarida belgilangan imtiyozlarni (milliy yoki xalqaro sertifikatlar asosida imtihonlarsiz maksimal ball berilishini) aks ettirgan.

Birinchidan, 2019/2020 o‘quv yilida chet tillari asosiy fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori daraja belgilandi.

Ikkinchidan, 2019/2020 o‘quv yilida chet tillari asosiy fan sifatida kiritilmagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori daraja belgilandi.

Uchinchidan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha (asosiy yoki asosiy bo‘lmagan fan ekanligidan qat'i nazar) bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori daraja tatbiq etiladi.

To‘rtinchidan, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun alohida sertifikat darajasi bo‘yicha tartib belgilandi.

Beshinchidan, 2019 yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlab qolindi.

Oltinchidan, 395-son qarorga ilova: 3-band – sertifikat sinovlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.