TURKIYA BILAN HAMKORLIK MUSTAHKAMLANMOQDA

24-12-2018 | 1605

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida Davlat test markazi xodimlaridan iborat delegatsiyasi tajriba almashish va malaka oshirish uchun Turkiya Respublikasida bo‘ldilar.

 

 

Tashrif davomida delegatsiya a'zolari 2018 yil 19-20 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Baholash, tanlash va joylashtirish markazi (OSYM – “Ölçme, Seçme ve Yerleştirme Merkezi”)da bo‘lib, test sinovlarini tashkil etish, o‘tkazish, test topshiriqlarini tuzish va bazasini shakllantirish, test sinovlarini elektron shaklda o‘tkazish, ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash, natijalarni chiqarish va tahlil qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalar faoliyati bilan tanishdilar hamda ulardagi test sinovlari bilan bog‘liq zamonaviy shakl va usullarni o‘rgandilar.

 

 

Bu davrda Davlat test markazi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasi vakili hamrohlik qildi.

Shuningdek, delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasida elchi A.A'zamxo‘jaev va elchixona xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida Davlat test markazi bilan Turkiya Respublikasining Baholash, tanlash va joylashtirish markazi o‘rtasida test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan hamkorlik aloqalarini tizimli yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi va tegishli memorandum imzolanishi rejalashtirildi.

Turkiya davlatiga qilingan tashrif va to‘plangan tajriba, albatta, milliy ta'lim tizimini xalqaro andoza asosida takomillashtirish, iqtidorli, bilimli va yuqori salohiyatli yoshlarni saralash hamda oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.

Axborot xizmati