Yana qonun ustuvorligi daxlsizligi haqida

25-04-2019 | 2608

“Qonun ustuvorligi daxlsiz” nomli oldingi maqolamizda yozilganidek, jamiyatimizda qonun ustuvorligi ta'minlanmoqda, unga barcha bo‘ysunishi shart.

Biz eski mavzuga yana qaytayotganimizni izohlab o‘tsak – 2019-yil 24-aprel kuni “kun.uz”da “Davlat test markazi sudlarda yutqazishda davom etadi. Bu safar kontraktdan davlat grantiga o‘tish uchun kurashgan talaba g‘olib keldi” nomli maqola chop etildi. Bu va undan oldingi maqolalarda holatlar faqat abituriyentlarga tegishli faktlar asosida yoritilganligi sababli, Davlat test markazi pozitsiyasini ham bayon etishni maqsadga muvofiq deb bildik.

Sudning hal qiluv qarorida abituriyent haq, deb topilgan va hal qiluv qarorlari Davlat test markaziga kiritilgan. Uchinchi hokimiyat qarori, yuqorida ta'kidlanganidek, ijro etilishi shart. Davlat test markazi kiritilgan qarorlar ijrosining vakolati doirasidagi qismlarini allaqachon ijro etgan va vakolati doirasidan tashqari qismlarini vakolatli davlat organlariga yuborgan. Bu yerda hech qanday tushunmovchilik bo‘lishi mumkin emas. Biroq aksar maqolalarda keltirilgan barcha qarorlarni Davlat test markazi hal etishi lozim, qarorlar ijrosi atayin kechiktirilmoqda, kabi tasavvurlarni uyg‘otuvchi bayonlar bilan jamoatchilikda salbiy nuqtai nazarni shakllantirish mumkin. Bu xolis pozitsiya emas. Vaholanki, voqea-hodisani boricha, qanday bo‘lsa shundayligicha, holatga daxldor tomonlarning fikr-mulohazalarini eshitib, tahlil qilib, keyin jamoatchilik e'tiboriga uzatish jurnalist uchun eng oliyjanob va adolatli tamoyillardan biri bo‘lar edi. Bu o‘rinda ommaviy axborot vositalarining  yoki jurnalistlarning voqea-hodisani bayon etish shakli va uslublariga e'tiroz bildirmoqchi emasmiz –barcha jurnalistlar yondoshuvi bir xil emas.

Masalan, omma e'tiborini qaratuvchi materiallarni uzatishda, tayanch ma'lumoti jurnalistika bo‘lmasa-da, Xushnud Xudoyberdievning xolislik, adolatparvarlik jihatlari maqtovga loyiq va ba'zi jurnalistlarni ortda qoldiradi. Bunga uning ushbu maqolada tilga olinayotgan voqea-hodisalar to‘g‘risida @xushnudbek telegram kanalida “Sudda yutgan abituriyentlar bo‘yicha” materiali orqali bildirgan fikr-mulohazalarini o‘qigan kishi bunga iymon keltiradi. Uning bayonida bir tomonlamalik yo‘q, qonunchilik nuqtai nazaridan ifoda etilgan.

Bulardan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari vakillaridan Davlat test markazi o‘zi daxldor bo‘lgan voqyea, hodisa, holat yoki vaziyatlar bo‘yicha jamoatchilik e'tiboriga uzatilayotgan ma'lumotlarini xolislik pozitsiyasi asosida, tomonlarning xatti-harakatlari bilan tanishib tayyorlash va uzatishiga umid bildiradi. Bir necha bor alohida ta'kidlaganimizdek, Davlat test markazi barcha turdagi ommaviy axborot vositalari va ularning vakillari bilan qonun doirasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdordir.